Mustaqillik va Ezgulik Monumenti – Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonida bunyod etilgan me’moriy – badiiy majmua. “Baxtiyor ona” mustaqillik tufayli yuzida shukronalik balqib turgan munis o’zbek ayoli – baxtli oila timsolidir. Haykal quyida oq poyondozli yo’l bilan Ezgulik arkasiga tutashadi. Ezgulik arkasini maydonning ramziy darvozasi deyish mumkin. Oppoq marmardan qad rostlagan bu me’moriy qurilma tepasidagi parvozga shaylangan baxt va tinchlik, farovonlik elchisi hisoblangan turna, laylaklar quyoshning zarrin nurlarida kumushdek tovlanib, dillarda ezgu tuyg’ular uyg’otadi. Arkaning baland va mustahkam ustunlari – mustaqil mamlakatimizning baquvvat tayanchlari ifodasidir. Mustaqillik monumenti va “Baxtiyor ona” haykali, Ezgulik arkasi oq poyondoz shaklidagi keng yo’lak bilan birga yaxlit ansamblni tashkil etadi. Bular mustaqillik va ezgulik tushunchalarini ramziy tarzda o’zida uyg’un ifodalaydi.